29
НоябрьBolalarning injiqliklari va g’alvalari bilan qanday kurashishimiz kerak?
Mehmonga borganimizda yoki aylangani chiqqanimizda, ayniqsa begonalar oldida, bolalarimiz o’zlarini “yomon” tutishadi. Ya’ni g’alva qilishadi, man qilingan narsalarni yeymiz deb, turib olishadi va hokazo. Biz esa odamlar oldida qattiq gapirishimiz kerakmi yoki ularni bir chimchilab uyga olib ketishimizmi bilmay qolamiz)))
Birinchi tushunib qabul qilishimiz kerak bo’lgan narsa, bolalar hali hislarini 100 foiz boshqara olishmaydi. Ular hislarini begona odamlar borligiga qaramasdan xohlagan joyida ko’rsatishlari mumkin. Uning ustiga, onalar ular uchun eng xavfsiz inson, shuning uchun ham hamma hislarini faqat ularga erkin ko’rsata olishadi. Onalar esa o’z o’rnida ularni hislarini boshqarishga va har hil holatlarda o’zini qanday tutishga o’rgatishlari kerak bo’ladi.
Ikkinchidan, biz onalar ularni odatda nima qayg’uga solishini tushunib olishimiz kerak. Bolalar hislari haqiqiy bo’ladi, ular nimadandir xafa bo’lishsa chin dillaridan, xuddi biz yaqin insonimizni yo’qotganimizda qanday his qilsak , bolalar ham oddiy narsalarni xuddi shu darajada qattiq his qilishadi. Biz ham qachonlardir qayg’ularimizni yengib o’tishga yoki ularga e’tibor bermaslikka o’rganganmiz, ular ham xuddi shunday o’rganishi kerak. Albatta, bunga ularni hislarini yo’q qilib erisha olmaymiz.
Uchinchidan, oldini olish mumkin bo’lgan holatlarni oldini oling. Masalan, o’yinchoq olib berish niyatingiz bo’lmasa, pastki rastalarda o’yinchoq qo’yilgan do’konga farzandingizni olib kirmaganingiz ma’qul. Shirinlikka allergiyasi bor farzandingizni shirinliklar dasturxonga tortiladigan joyga mehmonga olib bormang yoki mezbonlarga avvaldan bu haqida iltimos qilib qo’ying. Bu biz kattalarni masuliyatimiz, bolalarimiz hislarini boshqarishni o’rgansin, lekin biz ularni bunday qiyin “sinov”larga qo’ymasligimiz kerak.
Demak, hislarini boshqarishi uchun bolalarga sharoitni tushuntirishimiz yoki oldindan kelishib qo’yishimiz mumkin. Masalan, men har doim farzandlarimni bog’ga olib chiqishim yig’i bilan tugardi, doim ularni xursand qilmoqchi bo’lsam bu hammamizni kayfiyatimiz buzilishi bilan tugardi.
Keyinroq, ular bilan avvaldan kelishishni boshladim: parkda faqat 2 ta atraksionda uchish mumkin. Yoki faqat 1 ta shirinlik yoki o’yinchoq olishimiz uchun 1 oy qoldirmay bomdod o’qishlari kerak. Kelishuvlar sayohatlarimizdagi g’alvalarni kamaytirdi, bolalarga esa o’ylab qaror chiqarishni o’rgatdi (Ya’ni faqat 2 ta atraksionga tushishi mumkin bo’lganidan keyin, qaysi birini xohlashini aniq o’ylab qaror qila boshlashdi.)
Albatta, oldindan bilib bo’lmaydigan holatlar ham bo’ladi, unda nima qilishimiz kerak?!
Unday holatlarda ularga ko’rgan narsalarini yoki sharoitni tushuntirishimiz kerak. Masalan o’yinchoq olishni talab qilayotgan farzandimizga, uni chetroqqa olib chiqib, e’tiborini o’zimizga qaratgandan so’ng “hozir bu o’yinchoqni olishga pulimiz yetmaydi”, “seni xuddi shunday o’yinchog’ing bor”, yoki “bu o’yinchoq juda sifatsiz ekan tezda sinib qoladi va pulimiz isrof bo’ladi” deyishimiz mumkin. Tushuntirish albatta yordam beradi. Uch yoshli farzandim bog’chaga kirib ketayotganda, yo’lda pirojki sotib olishni talab qilgan edi. Lekin, faqatgina sosiskali pirojkilar borligini ko’rib, indamay bog’chaga kirib ketganini ko’rgan sotuvchi ham, o’zim ham hayron qolgan edik. Chunki, unga sosiska zararli va shubhali ekanini ko’p takrorlagan edim.
Gap tushunmaydigan, kichkina yoshdagi bolalarni esa e’tiborini boshqa narsaga qaratganimiz ma’qul.
Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, bu vaqt ichki xotirjamlik va voqealikni anglab yetish muhim, chunki asabiylashishimiz o’zimizga va farzandimizga zarar qilib qo’yishi mumkin.
Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Oisha (roziyallohu anha) onamiz shunday deydi: “Bir kuni oldimga kambag’al ayol ikki qizi bilan keldi. Men ularga 3 ta xurmo berdim. U 2 ta xurmoni qizlariga berib, 1 tasini og’ziga solayotgan edi hamki, qizlari yana xurmo so’rab yig’ladi. Shunda ona oxirgi xurmoni ham ularga bo’lib berdi. Men bu voqeadan ta’sirlandim va Nabiy sollallohu alayhi va sallamga aytib berdim. Shunda U zot alayhissalom “Bu ishi uchun Alloh unga jannatni kafolatladi” dedilar. (Sahihi Muslim, 2630)
Reviews