Skip to main content

Blog entry by System Administrator

Farzandlarga vaqt ajratish

Farzandlarga vaqt ajratish

«Uy ishlari – tugamaydi, bolalar esa, juda tez katta boʻlib qolishadi!»

Qanday qilib kun davomida bolalarimiz uchun vaqt topsa boʻladi?

Aslida bolalar uchun vaqt topa olmaslik kulgili eshitiladi, chunki ular bizning hayotimiz mazmuni – ishlashimiz, uy qurishimiz, nimalardir sotib olishimiz faqat farzandlarimiz kelajagi uchun, oʻzimizdan keyin yaxshi farzand, yaxshi nasl qoldirish uchun. Afsuski, baʼzida buning uchun qilinadigan mayda ishlar tufayli asosiy maqsadlarni unutib qoʻyamiz.

Eng hayratlanarli tarafi shundaki, aslida bolalar uchun alohida vaqt ajratish ham shart emas. Yaʼni, bolalar hayotni oʻrganib, rivojlanishi uchun ular bilan alohida oʻtirish ham shart emas (maktab vazifalarini qilish, bundan mustasno desak boʻladi).

Chunki, birinchidan, bolalarning oʻzlari bir joyda uzoq oʻtira olishmaydi. Ikkinchidan, kundalik hayotdagi harakatlarimiz davomida ular bizdan hayotni, odamlarni, muomalani oʻrganib ketaveradi.

Agar oʻrgatmoqchi boʻlgan narsangiz qandaydir til yoki fan boʻlsa, uni oʻyin shaklida, oz-oz, lekin doimiy tarzda olib boring. Har kuni 10 daqiqalik ingliz tili darslarining natijasi oʻzimni ham hayron qoldirgan edi. Taʼkidlab oʻtganimdek, mashgʻulotlarning doimiy boʻlgani natijaga taʼsir qiladi, shuning uchun kun davomida, bir hil vaqtda 10 daqiqani ajrating va darslarni oʻyin tariqasida oʻtkazishga harakat qiling.

Hayot haqidagi saboqlarni esa, yoʻl yoʻlakay ham oʻtkazish mumkin. Masalan, ovqat tayyorlash davomida bir mavzuni tanlab, ularni ham yordamga chaqirib, shu mavzuda ish davomida gaplashish mumkin. Yoki biror joyga ketayotganda ham ular bilan gaplashishga harakat qiling. Kichkina bolalarga ranglarni, narsalar nomlarini oʻrgatib ketish mumkin, kattaroqlariga esa boshqa tilda soʻzlar yod oldirsa boʻladi. Yoki mashinada ketayotganingizda yoʻldagi narsalar haqida gapirib berishingiz mumkin. Oldingizda uy ishlarini qilish yoki farzandingiz bilan vaqt oʻtkazish tanlovi boʻlsa, albatta ikkinchisini tanlang.

Ozgina koʻproq eʼtibor bolalarni anchagina eʼtiborli, aqlli boʻlishiga sabab boʻladi. Siz bilan koʻp gaplashgani sababli muammolarini, ayblarini ham sizga bemalol aytishi mumkin boʻladi. Bu esa, sizga ularni birgalikda hal qilishga yordam beradi.

Eng asosiysi, qoidani unutmaymiz: “Uy ishlari – tugamaydi, bolalar esa, juda tez katta boʻlib qolishadi!”

  • Share

Reviews